O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasi tashkil etiladi
Hukumatning "O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga quyish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston bodibilding, fitnes va masrestling federatsiyasining O‘zbekiston bodibilding, fitnes va masrestling federatsiyasi negizida O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha taklifi ma’qullangan.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda Assotsiatsiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalarida amaliy va tashkiliy yordam ko‘rsatadi.
Assotsiatsiyaning ustavidagi asosiy vazifalariga quyidagi qo‘shimcha vazifalarni kiritish tavsiya etilgan:
- Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa mas’ul idoralar bilan birgalikda maqsadli dasturlar ishlab chiqish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish;
- fitnes trenerlar va mutaxassislar uchun metodik tavsiyalar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, maxsus kurs va seminarlar tashkil etish, malakasini oshirish va akkreditatsiyadan o‘tkazish;
- sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik darajasini oshirish va sog‘lom turmush tarzini olib borish bo‘yicha talab etiladigan sport oziq-ovqat mahsulotlari, biologik faol qo‘shimchalar, sport uskuna va inventarlariga texnik reglamentlar asosida tavsiyalar berish;
- maktab o‘quvchilari va oliygohlar talabalarini sport to‘garaklariga jalb qilish, ularning zararli odatlarini kamaytirish;
- sport federatsiyalarini ixtiyoriylik asosida Assotsiatsiyaga a’zo qilish hamda sport seksiyalar va to‘garaklar, trenerlar va instruktorlar haqida ma’lumotlarni aholiga yetkazish maqsadida sport inshootlari va klublarining elektron ma’lumotlar bazasini yuritish;
- aholiga o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish hamda sog‘lomlashtiruvchi mashqlar kompleksi va to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish, aholini kardio mashqlar bilan shug‘ullanishi uchun “aqlli yurish va yugurish yo‘lakchalar”, “fitnes bilan birga bo‘l”, “ozish uchun kardio” tashkil etish kabi takliflar ishlab chiqish;
- sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda hududlar va tarmoqlar kesimida sotsiologik monitoring va reytingni yuritish.
O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasini tashkil etish hamda aholiga sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik darajasini oshirish va sog‘lom turmush tarzini olib borish tamoyillarini singdirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.